O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida» PF-4947-sonli Farmonida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish ustuvor vazifalar qatorida belgilandi[1].

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan «Rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnatini ulug‘lash, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish - asosiy vazifamizdir» mavzusidagi nutqida qishloq xo‘jaligining dolzarb vazifalariga to‘xtalar ekan: «Bir haqiqat hammamizga ma’lum: ilm va izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va umuman, biror-bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi»[2] deb alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, «hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsuloti qo‘shimcha o‘sishining 70-85 foizi ishlab chiqarish va boshqaruvning yangi innovatsion texnologiyalarida mujassamlashgan yangi bilimlar ulushiga to‘g‘ri keladi»[3].

Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida iqtisodiy o‘sishga erishish va aholi turmush sifatini oshirishning ustuvor strategik yo‘nalishi  ilm-fanni va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalar, mahsulotlar hamda xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hisoblanadi.

Bunday ulkan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, ustun darajada, talabalik davridan boshlab ilmiy-tadqiqot faoliyatining o‘quv-uslubiy va tashkiliy ta’minotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga bog‘liq. Shu maqsadda, baholi qudrat, ushbu o‘quv qo‘llanma tayyorlandi.

«Ilmiy-tadqiqot ishini tashkil etish»  fanini o‘rganish natijasida talaba:

- fandagi umumilmiy atamalarni;

- innovatsiya va innovatsiya faoliyatining mohiyatini;

- tadqiqotning umumilmiy (empirik va nazariy) metodlarini;

- xususiy metodlar va ularni shakllantirishni;

-gnoseologiya, fanshunoslik va metodologiyaning mazmuni hamda nisbatini;

- fandagi falsafiy-gnoseologik va metodologik muammolarni;

-iqtisodiy nazariyalarning iqtisodiy tadqiqotlardagi o‘rni va ahamiyatini;

-iqtisodiy munosabatlarning tadqiqot obyekti sifatida murakkabligi va xususiyatlarini bilishi kerak.

- ilm-fan taraqqiyotining hozirgi bosqichida vujudga kelayotgan asosiy ilmiy dunyoqarashlar va metodologik muammolar yechimini topish;

- ilmiy-tadqiqot obyekti, predmeti, maqsadi va vazifalarini to‘g‘ri shakllantirish;

- ilmiy-tadqiqot dasturi, rejasi va algoritimlarini tuzish;

- aniq ilmiy muammoni qo‘yib, nazariy manbalarni sharhlash, ma’lumot (fakt)larni to‘plash, gipotezalar shakllantirish va ularni isbotlash;

-ilmiy-tadqiqotlarning dastlabki bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish;

- ilmiy izlanish, tahlil qilish, eksperiment o‘tkazish, ma’lumotlarga ishlov berish, ilmiy xulosalar shakllantirish hamda tavsiyalar ishlab chiqish ko‘nikmalarini hosil qilishi kerak.

 



[1] Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2017 йил 7 февралдаги  «Ўзбекистон Республикасини янада ривожлантириш бўйича ҳаракатлар стратегияси тўғрисида» ПФ-4947-сонли Фармони. www. lex.uz.

[2] Ш.Мирзиёев. Ризқ-рўзимиз бунёдкори бўлган қишлоқ хўжалиги ходимлари меҳнатини улуғлаш, соҳа ривожини янги босқичга кўтариш-асосий вазифамиздир. Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Қишлоқ хўжалиги ходимлари кунига бағишланган тантанали маросимдаги нутқи, Халқ сўзи, 10 декабрь 2017 й. №248(6942), -Б.2.

[3] Инновационный менежмент: Учебник для вузов /Абрамешин А.Е., Воронина Т.П., Молчанова О.П., Тихонова Е.А., Шленов Ю.В., Под редакцией д-ра экон. наук, проф, О.П.Молчановой. – М.: Вита-Пресс, 2001. – С.7.